10–BOB
Yangi tosh lavhalar
1 Shundan keyin Egamiz menga dedi: “Ikkita tosh lavhani kesib ol. Ular oldingilariga oʻxshagan boʻlsin. Keyin toqqa Mening oldimga chiq. Yana yogʻochdan bir Sandiq yasa. 2 Men oʻsha tosh lavhalarga sen sindirgan lavhalardagi amrlarni yozaman. Sen lavhalarni Sandiqqa solib qoʻyasan.”
3 Shunday qilib, men akas yogʻochidan Sandiq yasadim, oldingisiga oʻxshagan ikkita tosh lavhani kesib oldim. Keyin ikkala toshni koʻtarib, toqqa chiqdim. 4 Egamiz tosh lavhalarga oldingiday oʻnta amrni yozdi. Sizlar togʻda yigʻilganingizda oʻsha amrlar Egamiz olov ichidan sizga aytgan soʻzlarning oʻzginasi edi. Egamiz oʻsha lavhalarni menga berdi. 5 Men togʻdan qaytib tushdim. Egamizning amriga koʻra, lavhalarni Sandiqqa soldim. Lavhalar hali ham oʻsha Sandiqda turibdi.
6 (Isroil xalqi Yaqon urugʻiga qarashli quduqlardan Mosaraxga yoʻl oldi. Horun oʻsha yerda vafot etib , dafn qilindi. Oʻrniga oʻgʻli Elazar ruhoniy boʻldi. 7 Isroil xalqi u yerdan Gudgodaxga, Gudgodaxdan oqar suvlar oʻlkasi Yotbotoga borishdi. 8 Egamiz: “Mening Ahd sandigʻimni koʻtarib yursin, Mening huzurimda xizmat qilsin, Mening ismim bilan odamlarni duo qilsin”, deb oʻshanda Levi qabilasini tanlab olgan edi. Ular bugungacha ham shu xizmatni ado etib kelmoqdalar. 9 Shuning uchun Levi qabilasiga birodarlari orasidan ulush ham, mulk ham berilmagan. Zotan, Levi qabilasining ulushi Egamizning Oʻzidir. Bu gapni Egangiz Xudoning Oʻzi aytdi.)
10 Men yana oldingiday togʻda qirq kechayu qirq kunduz qoldim. Egamiz bu safar ham mening iltijoimni eshitib, sizlarni halok qilmaydigan boʻldi. 11 U menga shunday dedi: “Qani, xalqni boshla. Ularni Men ota–bobolariga qasam ichib vaʼda bergan yurtga olib bor. Ular oʻsha yurtga borib, uni qoʻlga kiritishsin.”
Xudoning talablari
12 Ey Isroil xalqi! Egangiz Xudo sizlardan bitta narsani talab qiladi: Egangiz Xudodan qoʻrqing, Uning yoʻlidan yuring, Egangiz Xudoni seving, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Unga xizmat qiling. 13 Men bugun sizlarga berayotgan Egamizning amru farmonlariga rioya qiling, shunda baxtiyor boʻlasiz. 14 Osmon va falak toqi, yer yuzi va undagi hamma narsa Egangiz Xudonikidir. 15 Ammo Egamiz faqatgina ota–bobolaringizga qattiq muhabbat qoʻydi. Mana bugun koʻrib turganingizday, ularning avlodini, sizlarni barcha xalqlar orasidan tanlab oldi. 16 Yuraklaringizni sunnat qilinglar , bundan keyin oʻjar boʻlmanglar. 17 Egangiz Xudo xudolarning Xudosidir, egalarning Egasidir , buyuk qudratli, qoʻrqinchli Xudodir. U tarafkashlik qilmaydi, pora olmaydi. 18 Yetim va bevalarga adolat qiladi, musofirga mehribonlik qiladi, ularga non va kiyim beradi. 19 Sizlar ham musofirlarga mehribon boʻlinglar, oʻzlaringiz ham Misrda musofir edingizlar. 20 Egangiz Xudodan qoʻrqinglar. Yolgʻiz Unga sajda qilinglar, Unga sodiq boʻlib, Uning nomi bilan qasam ichinglar. 21 Faqat Unga hamdlar aytinglar, chunki U sizlarning Xudoyingizdir. Sizlar oʻz koʻzingiz bilan Uning buyuk va qoʻrqinchli alomatlarini koʻrdingiz. 22 Misrga borgan ota–bobolaringiz yetmish kishi edi, xolos. Endi esa Egangiz Xudo sizlarni osmondagi yulduzlar kabi son–sanoqsiz qildi.