12–BOB
Oxirzamon
1 Farishta gapini davom ettirdi:
“Oʻsha paytda xalqingni himoya qiluvchi buyuk Mikoyil farishta hozir boʻladi. Shunda insonlar birlashib xalq boʻlgandan beri misli koʻrilmagan dahshatli azob–uqubatlar davri boshlanadi. Ammo oʻsha damlarda sening xalqing orasidan Xudoning kitobiga ismi yozilgan har bir odam najot topadi. 2 Qora yer bagʻrida yotganlarning koʻpchiligi uygʻonadi: kimdir abadiy hayotga erishadi, kimdir sharmandaligu abadiy isnodga duchor boʻladi. 3 Donolar musaffo osmon kabi yashnaydilar, odamlarni haq yoʻlga solganlar esa yulduzlar kabi mangu porlayveradilar. 4 Sen esa, ey Doniyor, kitobni muhrlagin–u, bu soʻzlarni oxirzamongacha sir saqla. Bu davr mobaynida koʻp odamlar oʻzlarini u yoqdan–bu yoqqa urib, yuz berayotgan hodisalarni tushunmoqchi boʻladilar .”
Doniyorning ikki farishta haqidagi vahiysi
5 Doniyor shunday deb yozdi:
“Men daryoning boʻyida paydo boʻlgan yana boshqa ikki farishtani koʻrdim. Bittasi daryoning bu tomonida, boshqasi u tomonida turar edi. 6 Ularning biri oqimning yuqori qismida turgan zigʻir libosli farishtadan :
— Bunday qiyinchiliklar qachongacha davom etadi? Oxiri bormi oʻzi? — deb soʻradi.
7 Zigʻir libosli farishta ikkala qoʻlini osmonga choʻzib, barhayot Xudoning nomi bilan qasam ichganini va shunday soʻzlar aytganini eshitdim:
— Bu qiyinchiliklar uch yarim yil davom etadi. Xudoga qarashli odamlarning kuch–qudrati tamomila yoʻq qilingandan keyin, oʻsha quvgʻinlarning barchasi oʻz nihoyasiga yetadi.
8 Oʻsha odamning gaplarini eshitdim–u, tushunmadim:
— Ey hazratim, buning oqibati nima boʻladi? — deb soʻradim.
9 U shunday javob berdi:
— Bu toʻgʻrida hech xavotir olma, Doniyor, chunki bu soʻzlar muhrlangan boʻlib oxirzamonga qadar sir saqlanadi. 10 Bu quvgʻinlar tufayli koʻp odamlar tozalanib, poklanadi, ammo fosiqlar fosiqligini davom ettiraveradi. Fosiqlarning birontasi ham buni tushunmaydi, donolar esa bularning barchasini anglab oladilar. 11 Kundalik qurbonliklar toʻxtatilib, koʻp harom–xarish ishlarga sabab boʻladigan makruh bir narsa oʻrnatilgan paytdan boshlab 1290 kun oʻtadi. 12 Oxirgacha, yaʼni 1335 kun oʻtgunga qadar sodiq boʻlib qolganlar naqadar baxtiyordir. 13 Ey Doniyor, sen esa hayotingni shu zaylda davom ettiraver. Vaqti kelib, olamdan koʻz yumasan. Oxiratda esa mukofotingni olish uchun tirilasan.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020