6–BOB
1 Ey Quddusda rohat–farogʻatda yashaganlar, holingizga voy!
Ey Samariya togʻida bexatar boʻlganlar, holingizga voy!
Sizlar oʻzlaringizni eng sara xalqning obroʻli odamlari deb bilasizlar,
Bizga bosh boʻlinglar, deb Isroil xalqi sizning oldingizga keladi.
2 Kalney shahriga borib, uning ahvolini koʻringlar.
U yerdan buyuk Xomat shahriga oʻtib, holini bilinglar.
Filist xalqining Gat shahriga ham borib koʻringlar.
Sizlarning bu shohliklardan afzalroq joyingiz bormidi?!
Yoki yeringiz ularnikidan kattaroqmidi?!
3 Kulfat kuni kelishiga sizlar ishonmayapsizlar,
Zoʻravonlik hukmron boʻlishiga sababchi boʻlyapsizlar!
4 Sizlar fil suyagidan yasalgan supalarda choʻzilib yotasizlar,
Kursilarda yonboshlab oʻtirasizlar,
Qoʻzichoqlarning goʻshtidan lazzatlanasizlar,
Semirtirilgan buzoqlarning goʻshtidan taom yeysizlar,
5 Oʻzlaringizcha Dovud kabi kuylar bastalaysiz,
Arfaning yangragan navolariga ashulalar aytasiz.
6 Qadahlab sharob ichasiz,
Xushboʻy moyning eng aʼlosini badaningizga surtasiz.
Xalqingiz — Yusuf naslining kulfati uchun esa qaygʻurmaysiz!
7 Shunday ekan, sizlar birinchi boʻlib surgun qilinasiz,
Yonboshlab oʻtkazgan ziyofatlaringiz tugaydi.
8 Egamiz Rabbiy Oʻz nomini oʻrtaga qoʻyib ont ichdi,
Ha, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda:
“Men Yoqub naslining takabburligidan nafratlanaman,
Ularning qalʼalaridan hazar qilaman.
Samariya shahrini va u yerdagi hamma narsani
Men dushmanning qoʻliga beraman.”
9 Agar bir uyda oʻnta odam qolgan boʻlsa, ularning hammasi oʻladi. 10 Ularning yaqin qarindoshi va goʻrkov marhumlarni dafn qilmoqchi boʻlib kelishadi. Yaqin qarindoshi jasadlarni olib chiqqanda goʻrkovdan: “Yana jasadlar bormi?” deb soʻraydi. Goʻrkov: “Yoʻq”, deb javob beradi. Keyin esa: “Jim! Egamizning nomini tilga olmaylik!” deb aytadi.
11 Ana, Egamiz amr bermoqda:
Koshonalar buzib tashlanadi,
Kulbalar yakson boʻladi.
12 Otlar qoyalar ustida chopa olmaydi–ku!
Dengizni hoʻkizlar bilan shudgor qilib boʻlmaydi–ku!
Qoyil–e, sizlar esa adolatni zaharga aylantirdingiz,
Solihlikning shirin mevasini achchiq qildingiz.
13 Sizlar: “Loʻdavor shahrini
Qoʻlga kiritdik”, deb maqtanib yuribsizlar.
“Karnayim shahrini
Oʻz kuchimiz bilan yengdik”, deb aytyapsizlar.
14 Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda:
“Ey Isroil xalqi, qaranglar!
Men sizlarga qarshi bir xalqni qoʻzgʻatdim.
Ular Levo–Xomatdan to Arabadagi soylikkacha sizlarni ezadilar.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020