8–BOB
Shoul imonlilar jamoatini quvgʻin qiladi
1 Stefanning oʻlimini Shoul maʼqullagan edi. Oʻsha kundanoq Quddusdagi imonlilar jamoati shafqatsiz quvgʻinlardan azob cheka boshladi. Havoriylardan boshqa hamma imonlilar Yahudiya va Samariya boʻylab tarqalib ketdilar. 2 Taqvodor odamlar Stefanni dafn qildilar, u uchun qattiq qaygʻurib, aza tutdilar. 3 Shoul esa jamoatni yoʻq qilish payiga tushgan edi. U uyma–uy yurib, erkagu ayol imonlilarni sudrab olib chiqar, ularni qamoqxonaga tashlar edi.
Filip Samariyada vaʼz qiladi
4 Imonlilar tarqalib ketib, Iso haqidagi xabarni har joylarda vaʼz qilib yurardilar. 5 Filip Samariyaning bosh shahriga borib, u yerdagi aholiga Masih toʻgʻrisida vaʼz qildi. 6 Filipni tinglab turgan va qilgan moʻjizalarini koʻrgan olomon uning gaplariga diqqat bilan quloq soldi. 7 Yovuz ruhlar koʻp odamlarning ichidan chinqirib chiqib ketardi, koʻplab shol va choʻloq odamlar shifo topar edilar. 8 Shunday qilib, oʻsha shaharda katta shodlik hukm surardi.
9 Shu yerda Shimoʻn degan bir odam yashardi. U anchadan beri sehr–jodular qilib, Samariya aholisini hayratda qoldirib kelardi. Shu tariqa u oʻzini buyuk odam qilib koʻrsatardi. 10 Shahardagi har bir odam — kattayu kichik uning gaplariga diqqat bilan quloq solar, “Bu odam Xudoning qudratidir, u Buyuk Qudrat deb nom olgan”, deb aytardi. 11 Shimoʻn uzoq vaqt odamlarni sehr–jodulari bilan ajablantirib kelgani uchun ham, odamlar unga diqqat bilan quloq solishardi. 12 Ammo Filip Xudoning Shohligi va Iso Masih toʻgʻrisidagi Xushxabarni vaʼz qilgandan keyin, odamlar Filipga ishondilar. Erkagu ayol suvga choʻmdirildi. 13 Hatto Shimoʻn ham imonga keldi. U suvga choʻmdirilgandan keyin, yuz berayotgan alomatlaru buyuk moʻjizalarni koʻrib, hayratda qoldi va Filipdan ajralmaydigan boʻldi.
14 Quddusdagi havoriylar, Samariya aholisi Xudoning kalomini qabul qilibdi, deb eshitganlari uchun, Butrus bilan Yuhannoni ularning oldiga yubordilar. 15 Butrus bilan Yuhanno borib, Muqaddas Ruhni qabul qilib olinglar, deb Samariyaliklar uchun ibodat qildilar. 16 Chunki hali Muqaddas Ruh ularning birontasini ham qamrab olmagan edi. Ular faqat Rabbimiz Iso nomi bilan suvga choʻmdirilgan edilar, xolos. 17 Shundan keyin Butrus bilan Yuhanno ularning ustiga qoʻllarini qoʻydilar. Shu tariqa Samariyaliklar Muqaddas Ruhni qabul qildilar.
18 Shimoʻn koʻrdiki, odamlarning boshlariga havoriylar qoʻllarini qoʻyganlarida, Muqaddas Ruh ularga berilardi. U Butrus bilan Yuhannoga pul taklif qilib, dedi:
19 — Shu qudratdan menga ham beringlar, toki birontasining boshiga qoʻllarimni qoʻyganimda, oʻsha odam Muqaddas Ruhni qabul qilsin.
20 Ammo Butrus shunday javob berdi:
— Puling oʻzing bilan birga doʻzaxga ravona boʻlsin, chunki sen, Xudoning inʼomini pulga sotib olsam boʻladi, deb oʻylaysan. 21 Bu ishda sening na ulushing, na haqing bor! Sening yuraging Xudo nazarida toʻgʻri emas. 22 Endi tavba qilib, bu fosiq niyatingdan qayt, “Meni kechirgin”, deb Egamizga ibodat qil, balki yuragingdagi niyatingni U kechirar. 23 Koʻrib turibman: yuraging achchiq zardaga toʻla, oʻzing fosiqlik zanjiriga bogʻlangansan.
24 Shimoʻn shunday javob berdi:
— Men uchun Egamizga ibodat qilinglar, tagʻin aytganlaringizdan biri boshimga tushmasin.
25 Butrus bilan Yuhanno u yerda guvohlik berib, Rabbimiz Iso haqidagi xabarni vaʼz qildilar. Shundan keyin Samariyaning koʻp qishloqlarida Xushxabarni eʼlon qilib, Quddusga qaytib ketdilar.
Filip va Habashistonlik amaldor
26 Shu orada Egamizning bir farishtasi Filipga dedi: “Qani, boʻl, janubga bor, Quddusdan Gʻazoga olib boradigan sahro yoʻlidan ket.” 27 Filip yoʻlga chiqdi, ketayotib Habashistonlik bir amaldorni uchratib qoldi. U Habashiston malikasining bosh xazinaboni lavozimidagi katta amaldor edi. U sajda qilgani Quddusga kelib, 28 endi uyiga qaytayotgan edi. Amaldor aravada oʻtirganicha, Ishayo paygʻambar kitobini oʻqib ketayotgan edi. 29 Muqaddas Ruh Filipga: “Aravaga yaqinroq bor, uning yonida yur”, dedi. 30 Filip yugurib, aravaga yetib oldi, amaldorning Ishayo paygʻambar kitobini oʻqiyotganini eshitdi. Filip:
— Oʻqiyotganingizni tushunyapsizmi? — deb soʻradi.
31 — Birontasi yordam bermasa, tushunarmidim?! — deb javob berdi amaldor. U Filipga: “Chiq, yonimga oʻtir”, deb taklif qildi. 32 Amaldor oʻqiyotgan Muqaddas bitiklar parchasi quyidagilar edi:
“Boʻgʻizlanishga olib borilgan qoʻyday,
Jun qirquvchi oldida jim turgan qoʻziday
U miq etmadi, ogʻzini ochmadi.
33 U xoʻrlandi. Adolatdan mahrum qilindi.
Uning nasli haqida kim oʻylaydi?
Yer yuzida uning hayotiga chek qoʻyildi.”
34 Amaldor Filipdan soʻradi:
— Ayt–chi, paygʻambar bu gaplarni kim toʻgʻrisida aytdi — oʻzi toʻgʻrisidami yoki boshqa birontasi toʻgʻrisidami?
35 Shundan keyin Filip tushuntira boshladi, Muqaddas bitiklarning shu qismidan boshlab, Iso haqidagi Xushxabarni amaldorga soʻzlab berdi. 36-37 Ular yoʻlda ketayotganlarida, suv bor joyga kelib qoldilar. Shunda amaldor dedi:
— Mana bu yerda suv bor ekan. Suvga choʻmdirilishimga nima xalaqit beradi?!
38 Amaldor aravani toʻxtatishga buyurdi. Ular ikkalasi — Filip bilan amaldor suvga tushdilar, Filip uni suvga choʻmdirdi.
39 Ular suvdan chiqqanlaridan keyin, Egamizning Ruhi toʻsatdan Filipni olib ketdi . Amaldor uni qaytib koʻrmadi, ammo xursand boʻlganicha, yoʻlida davom etdi. 40 Filip esa Azotus shahrida paydo boʻlib qoldi. U Qaysariyaga kelguncha, butun oʻlka boʻylab oʻtar ekan, hamma shaharlarda Xushxabarni eʼlon qilib boraverdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020