23–BOB
1 Pavlus Oliy kengash aʼzolariga diqqat bilan qarab shunday dedi:
— Birodarlar! Shu kungacha men Xudo oldida toza vijdon bilan yashadim.
2 Oliy ruhoniy Xanoniyo Pavlusning yonida turganlarga: “Uning ogʻziga uringlar!” deb buyurdi. 3 Pavlus unga dedi:
— Xudo albatta sizni uradi, ey oqlangan devor! Siz qonunga koʻra, meni hukm qilgani oʻtiribsiz–ku! Nega endi qonunni buzib, meni urishga amr beryapsiz?!
4 Pavlusga yaqin turgan odamlar:
— Sen hali Xudoning oliy ruhoniysini haqorat qilyapsanmi?! — dedilar.
5 — Birodarlar, men uning oliy ruhoniy ekanini bilmabman, — dedi Pavlus. — Muqaddas bitiklarda: “Oʻz xalqing yoʻlboshchisi toʻgʻrisida yomon gapirmagin” , deb aytilgan.
6 Pavlus bildiki, bu yerdagilarning baʼzilari sadduqiylar, boshqalari farziylar ekan. U Oliy kengashga qarab daʼvat qildi:
— Birodarlar! Men farziyman, farziyning oʻgʻliman. Oʻliklar tiriladi, deb umid qilganim uchun meni hukm qilyaptilar.
7 Pavlus shu gaplarni aytgach, farziylar va sadduqiylar bahslasha boshladilar, guruh ikkiga boʻlindi. 8 Sadduqiylar, tirilish ham, farishta ham, ruh ham yoʻq, deb aytardilar, farziylar esa uchalasiga ham ishonardilar. 9 Shunda shovqin–suron avjiga chiqdi. Farziy mazhabidan boʻlgan baʼzi Tavrot tafsirchilari oʻrinlaridan turib, qattiq eʼtiroz bildirdilar:
— Biz bu odamda biron ayb topmadik. Ehtimol, ruh yoki farishta unga gapirgan boʻlishi mumkin .
10 Bahs shu darajada kuchayib ketdiki, mingboshi: “Pavlusni tilka–pora qilishmasaydi”, deb qoʻrqib ketdi. Shundan keyin u askarlarga: “Pastga tushinglar, Pavlusni zudlik bilan olib chiqib, qalʼaga olib kiringlar!” deb buyurdi.
11 Oʻsha kuni tunda Pavlusning oldiga Rabbimiz Iso kelib, shunday dedi: “Dadil boʻl! Sen Quddusda Men uchun guvohlik bergan eding, endi Rimda ham guvohlik berishing kerak.”
Pavlusga qarshi fitna
12 Ertalab bir necha yahudiylar yigʻilib, fitna qoʻzgʻadilar. Ular: “Pavlusni oʻldirmagunimizcha yeb–ichmaymiz”, deya qasam ichdilar. 13 Qasam ichganlar qirq kishidan ortiq edi. 14 Shundan keyin ular bosh ruhoniylar bilan yoʻlboshchilarning oldiga borib aytdilar:
— Biz, Pavlusni oʻldirmagunimizcha, yeb–ichmaymiz, deb qatʼiy qasam ichdik. 15 Endi sizlar va Oliy kengash aʼzolari mingboshiga: “Pavlusni bizning huzurimizga olib kel, u toʻgʻrida maʼlumotlarni yaxshiroq tekshirib koʻrmoqchimiz”, deb buyuringlar. Pavlus huzuringizga yetib kelmasdan oldin uni oʻldiramiz.
16 Pavlusning jiyani, yaʼni singlisining oʻgʻli bu fitna haqida eshitib qoldi. U qalʼaga borib, Pavlusga bu toʻgʻrida aytib berdi. 17 Pavlus Rim yuzboshilaridan bittasini chaqirdi–da, shunday dedi:
— Manavi yigitni mingboshining oldiga olib bor. U mingboshiga bir narsa toʻgʻrisida xabar bermoqchi.
18 Yuzboshi yigitni mingboshining oldiga olib borib, dedi:
— Mahbus Pavlus meni chaqirib, manavi yigitni sizning oldingizga olib kelishimni iltimos qildi. Uning sizga aytadigan gapi bor ekan.
19 Mingboshi yigitni qoʻlidan ushlab bir chetga olib oʻtdi–da, soʻradi:
— Menga nima toʻgʻrisida xabar bermoqchisan?
20 U shunday javob berdi:
— Yahudiylar sizdan: “Ertaga Pavlusni Oliy kengashga olib keling”, deb iltimos qilishga kelishib olishdi, goʻyo Oliy kengash Pavlus toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aniqroq qilib tekshirishar emish. 21 Ammo ularga quloq solmang! Qirqtadan koʻproq odam yashirinib, Pavlusni kutib yotibdi. Ular, Pavlusni oʻldirmagunimizcha, yeb–ichmaymiz, deb qasamyod qilganlar. Ular hozir tayyor boʻlib, sizning qaroringizni kutyaptilar.
22 Mingboshi yigitga:
— Menga bergan xabaringni birontasiga ayta koʻrma! — dedi. Soʻng unga ruxsat berdi.
Pavlus hokim Feliks huzurida
23 Mingboshi yuzboshilardan ikkitasini yoniga chaqirib, dedi:
— Oqshom soat toʻqqizda Qaysariyaga ketish uchun ikki yuzta piyoda askarni, yetmishta otliq askarni, ikki yuzta nayzabardorlarni tayyor qilib qoʻyinglar. 24 Pavlusni ham otga mindirib olinglar. Uni hokim Feliks oldiga eson–omon olib boringlar.
25 Mingboshi quyidagi mazmunda maktub yozdi:

26 “Klavdiyus Lisiyasdan hokim Feliks janobi oliylariga salomlar!
27 Yahudiylar bu odamni ushlab, oʻldirmoqchi boʻldilar. U Rim fuqarosi ekanini bilganimdan keyin, men askarlarim bilan birga borib, uni qutqarib qoldim. 28 Uning qanday aybi bor ekanligini bilmoqchi boʻlib, uni yahudiylarning Oliy kengashiga olib keldim. 29 Men shuni bildimki, u yahudiylarning qonuniga oid masalalarda ayblangan ekan. Ammo oʻlimga yoki zindonga tashlanishga loyiq biron ish qilmagan. 30 Bu odamga qarshi fitna uyushtirilayotganidan xabar topganimdan keyin, oʻsha zahoti uni sizning huzuringizga yuborishga qaror qildim. Uning ayblovchilariga ham, daʼvolaringizni hokim Feliksga borib aytinglar, dedim .”

31 Shunday qilib, askarlar mingboshining koʻrsatmasiga muvofiq, Pavlusni olib, tun boʻyi yurib, Antipatris shahriga olib keldilar. 32 Ertasi kuni otliq askarlar Pavlus bilan birga yoʻlda davom etdi, qolganlar esa qalʼaga qaytib ketdilar. 33 Otliq askarlar Qaysariyaga yetib kelganlaridan keyin, hokimga maktubni berdilar, Pavlusni ham hokimga roʻpara qildilar. 34 Hokim maktubni oʻqib boʻlib, Pavlusdan: “Sen qaysi viloyatdansan?” deb soʻradi. Pavlusning Kilikiyadan ekanini bilgach, 35 hokim: “Ayblovchilar kelganlaridan keyin, seni eshitaman”, dedi. Shundan keyin hokim: “U Hirodning saroyida ushlab turilsin”, deb buyruq berdi.