2–BOB
Masih tufayli azoblarga dosh berish haqida
1 Timoʻtiy oʻgʻlim, bardam boʻl. Buning uchun Iso Masih orqali koʻrsatilgan Xudoning inoyatiga tayangin. 2 Sen koʻp shohidlar huzurida Xushxabar haqida taʼlim berganimni eshitgansan. Endi bu taʼlimotni boshqalarga ham oʻrgatishga qobiliyati bor, ishonchli odamlarga topshirgin. 3 Iso Masihning yaxshi bir askari kabi, men bilan birga azob chekishga tayyor turgin. 4 Harbiy xizmatdagi askar tirikchilik ishlari bilan band boʻlmaydi, chunki qoʻmondonini mamnun qilishni istaydi. 5 Shuningdek, musobaqada qatnashgan kishi qoidaga rioya qilmasa, gʻalaba tojini kiymaydi. 6 Mehnat qilgan dehqon olgan hosilidan birinchi boʻlib bahramand boʻlishi lozim. 7 Aytganlarim haqida mulohaza qil, bularni tushunib olishingga Rabbimiz Iso senga yordam beradi.
8 Dovud naslidan boʻlgan Iso Masih oʻlikdan tirilganini doimo yodingda tut! Men targʻib qilayotgan Xushxabar shudir! 9 Ana shu Xushxabar uchun men azoblarga duchor boʻlyapman, hatto jinoyatchiday zanjirband qilindim . Ammo Xudoning kalomini zanjirlab boʻlmaydi! 10 Shunday ekan, Xudoning tanlagan odamlari Iso Masih bergan najotdan bahramand boʻlsinlar, abadiy ulugʻvorlikka erishsinlar deb, men hamma narsaga chidab kelyapman. 11 Quyidagi gap toʻgʻri va asoslidir:
“Agar biz Masih bilan birga oʻlgan boʻlsak,
U bilan birga ham yashaymiz.
12 Agar qiyinchiliklarga chidasak,
U bilan birga hukmronlik qilamiz.
Bordi–yu, Uni rad etsak,
U ham bizni rad etadi.
13 Sodiq boʻlmasak ham,
Masih sodiq boʻlib qolaveradi,
Axir, U Oʻz tabiatiga qarshi chiqa olmaydi.”
Haqiqatga sodiq qolish haqida
14 Bu gaplarni imonlilarga eslatib tur, ularga Xudoning nomidan qatʼiy buyur: mayda–chuyda gaplar yuzasidan bahslashmasinlar. Bunday bahslar befoyda, tinglovchilarga faqat zarar yetkazadi, xolos. 15 Xudoning oldida yorugʻ yuz bilan tura olishing uchun astoydil mehnat qil. Oʻz ishidan uyalmaydigan, haqiqat kalomini toʻgʻri oʻrgatadigan xizmatchi boʻlgin. 16 Xudodan uzoqlashtiradigan quruq gaplardan qoch. Bunday gaplarga berilgan odamlar tobora betavfiq boʻlib boradi. 17 Ularning bu taʼlimoti oʻlat kabi yoyiladi. Mana, Xumanayos bilan Filitus ham shunday odamlar jumlasidan. 18 Ular toʻgʻri yoʻldan ozganlar. Biz allaqachon oʻlikdan tirildik , deb baʼzilarni imonidan qaytaryaptilar. 19 Ammo Xudo asos solgan poydevor mustahkam turibdi. Bu poydevor ustiga shunday soʻzlar bitilgan: “Egamiz Oʻzinikilarni biladi” va “Egamizning nomini tilga olgan har bir odam yomonlikdan uzoqlashsin.”
20 Katta bir uyda nafaqat oltin va kumush idishlar, balki yogʻoch va sopol idishlar ham bor. Oltin va kumush idishlar xoʻjayinga sharaf keltiradi, qadrsiz idishlar esa uning obroʻyini toʻkadi. 21 Kim oʻzini men aytgan yomonliklardan poklasa, Egasi uchun sharaf keltiradigan idishday boʻladi. Bunday odam Egasiga xizmat qilishga bagʻishlangan, har bir yaxshi ish qilishga tayyor boʻladi.
22 Oʻgʻlim, yoshlik ehtiroslaridan qoch. Chin yurakdan Rabbimiz Isoga iltijo qilgan odamlar bilan birga solihlik, imon, mehr–muhabbat va tinchlik payida boʻlgin. 23 Ahmoqona, bemaʼni bahslardan uzoqlash. Oʻzing bilasan–ku, bular faqat janjal keltirib chiqaradi. 24 Rabbimiz Isoning quli esa janjalkash boʻlmasligi kerak. Aksincha, u hammaga mehribon, taʼlim berishga qobiliyatli, sabr–toqatli boʻlishi lozim. 25 U oʻz raqiblarini muloyimlik bilan yoʻlga solsin. Kim bilsin, balki Xudo ularni tavbaga olib kelar?! Shunda ular haqiqatni bilib, 26 oʻzlariga kelarlar, iblisning tuzogʻidan qutulib qolarlar. Axir, iblis ularni asir qilib, oʻziga tobe qilib olgan.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020