4–BOB
Ishbosit oʻldiriladi
1 Ishbosit Abnurning Xevronda oʻldirilganini eshitdi–yu, boʻshashib qoldi. Butun Isroil xalqi vahimaga tushdi. 2 Ishbositning xizmatida Banax va Raxav degan ikkita odam bor edi, ular bosqinchi toʻdalar sardori edilar. Oʻzlari Baroʻt shahridan boʻlib, Benyamin qabilasidan Rimmon deganning oʻgʻillari edi. Baroʻt shahri u vaqtda Benyamin hududiga kirardi. 3 Baroʻt aholisi Gitayim shahriga qochib ketgan edi. Oʻshandan buyon ular kelgindi boʻlib oʻsha yerda yashaydilar.
4 Shoulning naslidan Mefibosit degan ikkala oyogʻi ham nogiron bola bor edi. U Yoʻnatanning oʻgʻli edi. “Shoul bilan Yoʻnatan halok boʻldi”, deb Yizril shahridan xabar kelganda, Mefibosit besh yoshda edi. Enagasi, bolani olib qochaman deb, shosha–pisha ketayotganda, bolani qoʻlidan tushirib yuborgan, bola esa nogiron boʻlib qolgan edi.
5 Bir kuni Raxav bilan Banax kun rosa qizigan paytda Ishbositning uyiga kelishdi. Tush payti, Ishbosit oʻzining xonasida uxlayotgan ekan. 6-7 Ikkala aka–uka bugʻdoy olish bahonasida uyga kirishdi. Uyga kirganlari zahoti, Ishbositning qorniga xanjar urib, uni oʻldirdilar. Soʻng uning boshini kesib olib ketdilar.
Raxav bilan Banax tun boʻyi Iordan vodiysi boʻylab yurishdi.
8 Ular Ishbositning boshini Xevronga — shoh Dovudga olib kelishib, unga shunday deyishdi:
— Mana sizni oʻldirmoqchi boʻlgan gʻanimingiz Shoulning oʻgʻli Ishbositning boshi! Egamiz bugun Shouldan va uning xonadonidan shoh janoblari uchun oʻch oldi.
9 Biroq Dovud Raxav bilan ukasi Banaxga shunday dedi:
— Jonimni har turli balo–qazolardan asragan Xudo shohid! 10 Shoulning oʻlimini bittasi oʻzicha xushxabar deb olib kelgan edi. Oʻsha odamni ushlab, Zixlaxda oʻldirtirgan edim. Uning mukofoti shu boʻlgan edi! 11 Aybsiz odamni oʻzining uyida, toʻshagida oʻldirgan yovuz kimsalar ham albatta oʻldiriladi! Hoziroq sizlardan uning xunini talab qilaman, sizlarni quritib yuboraman!
12 Dovud yigitlariga farmon bergan edi, ular ikkala aka–ukani oʻldirishdi. Soʻng qoʻl–oyoqlarini kesib tashlab, jasadlarini Xevrondagi hovuz boʻyidagi tik oʻrnatilgan xodalarning uchlariga qoqishdi. Ishbositning boshini Abnurning Xevrondagi xilxonasiga olib borib dafn qilishdi.