2–BOB
Dovud Yahudo shohi boʻladi
1 Shundan keyin Dovud Egamizdan:
— Yahudo shaharlaridan birortasiga boraymi? — deb soʻradi .
— Bor! — dedi Egamiz.
— Qaysi shaharga boray? — deb soʻradi Dovud.
— Xevronga bor! — deb javob berdi Egamiz.
2 Dovud ikkala xotini — Yizrillik Oxinavam va Karmillik Navolning bevasi Obigayl bilan oʻsha yoqqa joʻnadi. 3 Odamlarini ham oilalari bilan birga olib ketdi. Hammalari Xevron atrofidagi shaharlarga joylashdilar. 4 Yahudo xalqi Xevronga borib, Dovudning boshiga moy surtib, uni Yahudo ustidan shoh qilib tayinlashdi.
Shunda ular Dovudga: “Giladdagi Yobosh shahri aholisi Shoulni dafn qilibdi”, deb xabar yetkazishdi. 5 Dovud xabarchilar orqali Yobosh aholisiga shunday xabar joʻnatdi: “Shoul shoh janoblariga sadoqatingizni koʻrsatib, uni dafn qilibsizlar. Buning uchun sizlarni Xudo yorlaqasin. 6 Egam sizlardan marhamatini va sadoqatini darigʻ tutmasin. Qilgan xayrli ishingizga yarasha sizlarga yaxshilik qilay. 7 Endi dadil, mard boʻlinglar. Shoh janoblari Shoul olamdan oʻtdilar. Yahudo xalqi esa menga moy surtib oʻzlariga shoh qildi.”
Ishbosit Isroilga shoh boʻladi
8 Nar degan odamning oʻgʻli Abnur Shoulning lashkarboshisi boʻlgan edi. Abnur Shoulning oʻgʻli Ishbositni Moxanayim shahriga olib keldi. 9 Uni Gilad, Osher , Yizril, Efrayim, Benyamin hududlariga — butun Isroilga shoh qildi. 10 Ishbosit qirq yoshida shoh boʻlib, u Isroilda ikki yil shohlik qildi.
Lekin Yahudo xalqi Dovudga ergashdi. 11 Dovud Xevronda Yahudo xalqiga yetti yilu olti oy shohlik qildi.
Isroil va Yahudo orasidagi urush
12 Nar oʻgʻli Abnur Ishbositning odamlarini boshlab Moxanayimdan chiqdi va Givon shahriga qarab yurdi. 13 Dovudning odamlariga Zeruya oʻgʻli Yoʻab bosh boʻlib u yerga borganda, Givon hovuzi yonida Ishbositning odamlariga duch kelib qoldi. Tomonlarning biri hovuzning bir tarafida, ikkinchisi boshqa tarafida toʻxtadi. 14 Abnur Yoʻabga:
— Qani, har ikkala tomondan yigitlar roʻparamizda olishsinlar, — dedi.
— Mayli, olishaversinlar, — dedi Yoʻab.
15 Ishbositning Benyamin qabilasidan oʻn ikkitasi, Dovudning odamlaridan ham oʻn ikkitasi chiqdi. 16 Ular bir qoʻli bilan bir–birlarining boshlarini ushlashdi, ikkinchi qoʻli bilan qilichlarini bir–birlarining biqinlariga sanchishdi. Hammalari birga yerga yiqilib jon berishdi. Shu sababdan Givondagi oʻsha joyga “Tigʻlar maydoni” deb nom berilgan.
17 Oʻsha kungi jang juda qattiq boʻldi. Baribir, Abnur boshchiligidagi Isroil odamlari Dovudning odamlaridan yengildi. 18 Zeruyaning uch oʻgʻli — Yoʻab, Abushay va Osoyil ham oʻsha kuni u yerda edilar. Osoyil, xuddi kiyikka oʻxshab, juda chopagʻon edi. 19 U oʻngga ham, chapga ham burilmay, toʻppa–toʻgʻri Abnurning izidan quvib ketdi.
20 Abnur orqasiga qarab:
— Osoyil, bu senmisan? — deb soʻradi.
— Ha, menman, — dedi Osoyil.
21 — Yo oʻngga yoki chapga ket, yigitlardan birortasiga hamla qilib, qurol–yarogʻini ol, — dedi Abnur. Ammo Osoyil Abnurning ortidan qolmadi. 22 Abnur Osoyilni yana ogohlantirdi:
— Meni quvlama, tagʻin abjagʻingni chiqarib yubormay! Aks holda, akang Yoʻabning yuziga qanday qarayman?!
23 Baribir Osoyil uning ortidan qolmadi. Abnur nayzasining orqa uchi bilan Osoyilning qorniga bir urgan edi, nayza Osoyilning orqasidan teshib chiqdi. Osoyil yerga yiqildi–yu, jon berdi. Hamma Osoyil yiqilib oʻlgan joyga yetib bordi–yu, toʻxtab qoldi.
24 Yoʻab bilan Abushay esa Abnurning izidan qolmadi. Kun botganda, ular Omoh tepaligiga yetib borishdi. Omoh Givon choʻliga boradigan yoʻlning sharq tomonidagi Giyoh degan joy yaqinida edi. 25 Benyamin qabilasidan odamlar yigʻilib kelib, Abnurning atrofiga birlashdi va bir tepalikning ustida toʻxtashdi. 26 Soʻngra Abnur Yoʻabni chaqirib, dedi:
— Qachongacha bir–birimizni qiramiz?! Buning oqibati yomon boʻlishini bilasan–ku! Odamlaringga: “Boʻldi, endi birodarlaringizni taʼqib qilmanglar”, deb qachon buyruq berasan?
27 Yoʻab esa shunday javob berdi:
— Xudo haqi, yaxshiyamki oʻzing aytding. Boʻlmasa, odamlarim ertaga ertalabgacha birodarlarini taʼqib qilishni toʻxtatmasdilar.
28 Yoʻab burgʻu chaldirdi, hamma toʻxtadi. Shundan soʻng ular Isroil lashkarini taʼqib qilmadilar, ular bilan jang qilmadilar. 29 Abnur esa tun boʻyi odamlari bilan Iordan vodiysi boʻylab yurib, Iordan daryosini kechib oʻtdi, ular jarlikni yoqalab , Moxanayimga yetib kelishdi.
30 Yoʻab Abnurni quvlashdan toʻxtab, orqasiga qaytdi va hamma odamlarini toʻpladi. Osoyildan tashqari, Dovudning odamlaridan yana oʻn toʻqqiz kishi halok boʻlgan edi. 31 Lekin Dovudning odamlari Abnurning qoʻli ostidagi Benyamin qabilasidan uch yuz oltmish kishini oʻldirgan edilar. 32 Yoʻab odamlari bilan Osoyilning jasadini olib kelib, ota–bobolarining Baytlahmdagi xilxonasiga dafn qilishdi. Yoʻab va uning odamlari tuni bilan yoʻl yurib, Xevronga yetib kelishganda, tong otgan edi.