35–BOB
Shoh Yoʻshiyo Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayramini nishonlaydi
1 Shoh Yoʻshiyo Quddusda Egamizning sharafiga Fisih ziyofatini nishonladi. Birinchi oyning oʻn toʻrtinchi kuni Fisih qoʻzilari qurbonlik qilindi. 2 Yoʻshiyo ruhoniylarni xizmatga tayinlab, Egamizning uyidagi xizmatga ularni ragʻbatlantirdi. 3 Soʻng Egamizga bagʻishlangan va xalqqa taʼlim bergan levilarga dedi:
— Muqaddas Sandiqni Isroil shohi Dovud oʻgʻli Sulaymon qurgan Egamizning uyiga olib kiringlar. Sandiqni bundan buyon yelkangizda koʻtarib yurishga hojat yoʻq. Endi Egangiz Xudoga va Uning xalqi Isroilga xizmat qilinglar. 4 Shoh Dovudning va oʻgʻli Sulaymonning yozib qoldirgan koʻrsatmalariga muvofiq , xonadoningiz va guruhlaringiz boʻyicha xizmatga tayyorlaninglar. 5 Muqaddas maskanga shunday tartibda joylashinglarki, Isroil xalqining birorta xonadoni eʼtiboringizdan chetda qolib ketmasin. 6 Fisih qoʻzisini soʻyib, oʻzingizni poklanglar. Soʻng yurtdoshlaringiz uchun Fisih qoʻzilarini tayyorlab beringlar. Xullas, Egamizning Muso orqali bergan koʻrsatmalariga rioya qilinglar.
7 Shoh Yoʻshiyo bu yerda hozir boʻlgan xalqqa Fisih qurbonliklari uchun 30.000 ta qoʻzi va uloqchani, 3000 ta buqani berdi. Bularning hammasi shohning shaxsiy mulkidan edi. 8 Shohning aʼyonlari ham xalqqa, ruhoniy va levilarga qurbonliklar uchun koʻngildan chiqarib hayvonlarni berdilar. Xudoning uyida xizmat qiluvchilarning boshliqlari Xilqiyo, Zakariyo va Yoxiyol ruhoniylarga Fisih qurbonliklari uchun 2600 ta qoʻzi bilan uloqcha va 300 ta buqa berdilar. 9 Xonaniyo, uning ukalari Shamayo va Natanil, levilarning yoʻlboshchilari Xashaviyo, Yaviyol va Yoʻzabad Fisih qurbonliklari uchun levilarga 5000 ta qoʻzi bilan uloqcha va 500 ta buqa berdilar.
10 Fisih marosimiga oid tayyorgarliklar tugagach, ruhoniylar bilan levilar shohning buyrugʻiga binoan oʻz joylarini egalladilar. 11 Levilar Fisih qoʻzilarini boʻgʻizlab, qonini ruhoniylarga berdilar. Ruhoniylar qonni qurbongohga sepdilar. Levilar esa qoʻzilarning terisini shilishga kirishdilar. 12 Ular soʻyilgan qoʻzi, uloqcha va buqalarning qurbongohda kuydiriladigan qismlarini ajratib qoʻydilar. Soʻng bularni odamlarga xonadonlari boʻyicha taqsimlab berdilar. Toki har bir xonadon oʻziga tegishli qurbonligini Egamizga bagʻishlab, Musoning qonunidagi koʻrsatmalarga binoan keltirsin. 13 Levilar qonun–qoidaga muvofiq, Fisih qoʻzilarini olovda pishirdilar, muqaddas qurbonliklar goʻshtini esa togʻoralarda, qozonlarda va tovalarda qaynatdilar. Goʻsht tayyor boʻlgach, uni darrov xalqning oldiga dasturxonga tortdilar. 14 Shundan soʻnggina levilar oʻzlari uchun va ruhoniylar uchun Fisih taomini tayyorlashga kirishdilar. Negaki, Horun naslidan boʻlgan ruhoniylarning qoʻli kechgacha boʻshamadi, ular kuydiriladigan qurbonliklarni va yogʻlarni kuydirish bilan ovora edilar. 15 Osif naslidan boʻlgan qoʻshiqchilar shoh Dovudning, Osif, Xaman va shohning valiysi Yodutunning koʻrsatmasiga binoan oʻz joylarida turdilar. Maʼbad darvozabonlari ham oʻz joylaridan siljimadilar. Levi birodarlari ularga Fisih taomini tayyorlaganlari uchun xizmatlarini toʻxtatishga zarurat boʻlmadi.
16 Shunday qilib, oʻsha kuni shoh Yoʻshiyoning farmoniga koʻra, Egamizga bagʻishlangan hamma xizmatlar bajarildi. Fisih ziyofati nishonlanib, Egamizning qurbongohida kuydiriladigan qurbonliklar keltirildi. 17 Isroil xalqi Fisih ziyofatini va yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini nishonladi. 18 Shomuil paygʻambar davridan buyon Isroilda Fisih ziyofati bu singari nishonlanmagan edi. Isroil shohlaridan birortasi, Yoʻshiyo singari Fisih ziyofatini ruhoniylar, levilar, jamiki Yahudo va Isroil xalqi hamda Quddus aholisi ishtirokida nishonlamagan edi. 19 Bu Fisih ziyofati shoh Yoʻshiyo hukmronligining oʻn sakkizinchi yilida nishonlandi.
Yoʻshiyo hukmronligining soʻnggi davri
20 Bu voqealardan soʻng, Yoʻshiyo Maʼbadni tartibga solib boʻlgach, Misr shohi Nexo jang qilgani Furot daryosi boʻyidagi Karxamish shahriga lashkarini boshlab keldi. Yoʻshiyo unga qarshi otlandi . 21 Lekin Nexo Yoʻshiyoga elchilar orqali shunday xabar yubordi:

“Ey Yahudo shohi! Sen bu jangga aralashma! Men senga emas, oʻz dushmanlarimga qarshi urushga otlandim. Xudo menga, shoshil, deb amr berdi. Xudo men tomonda, Unga qarshilik koʻrsatishni bas qil, aks holda, nobud boʻlasan.”

22 Ammo Yoʻshiyo jang qilishdan qaytmadi. Xudoning Nexo orqali aytgan soʻzlariga quloq solmadi. Shohona kiyimlarini oʻzgartirib, Magidoʻ tekisligida jangga kirdi. 23 Jang paytida Misr kamonkashlari shoh Yoʻshiyoga oʻq otdilar. Shunda shoh aʼyonlariga: “Meni bu yerdan olib chiqinglar, ogʻir yaralandim”, dedi. 24 Aʼyonlar Yoʻshiyoni jang aravasidan olib, boshqa jang aravasiga soldilar–da, Quddusga olib keldilar. Yoʻshiyo shu yerda vafot etdi. U ota–bobolarining xilxonasiga dafn qilindi. Butun Yahudo va Quddus aholisi Yoʻshiyo uchun aza tutdi. 25 Yeremiyo paygʻambar shoh Yoʻshiyoga atab marsiya aytdi. Shu kunga qadar erkak va ayol qoʻshiqchilar Yoʻshiyoni xotirlaganlarida shu marsiyani aytishadi, bu Isroilda odat boʻlib qoldi. Bu marsiya qoʻshigʻi “Marsiyalar toʻplami”ga kiritilgan.
26 Yoʻshiyoning boshqa ishlari, Egamizga sodiqligi, Uning qonuniga binoan olib borgan faoliyati, 27 hayotidagi barcha voqealar, boshdan oxirigacha “Isroil va Yahudo shohlari kitobi”da yozilgan.