34–BOB
Yahudo shohi Yoʻshiyo
1 Yoʻshiyo sakkiz yoshida shoh boʻlib, Quddusda oʻttiz bir yil hukmronlik qildi. 2 U Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi. Oʻngga ham, chapga ham ogʻmasdan, bobosi Dovudning yoʻlidan yurdi. 3 Hukmronligining sakkizinchi yilida, yoshligidan bobosi Dovudning Xudosiga intila boshladi. Hukmronligining oʻn ikkinchi yilida esa Yahudo va Quddusni sajdagohlardan , Asheraning ustunlaridan, oʻyma va quyma butlardan tozalay boshladi. 4 Uning koʻrsatmasi bilan Baalning qurbongohlari buzdirildi, bu qurbongohlarning yonidagi tutatqi qurbongohlari ham sindirib tashlandi. Asheraning ustunlari, shuningdek, oʻyma va quyma butlar parchalanib, boʻlaklari oʻsha butlarga qurbonlik qilganlarning qabrlari ustiga sochib tashlandi. 5 Yoʻshiyo butparast ruhoniylarning suyaklarini oʻzlari sajda qilgan qurbongohlar ustida yoqdi. Shunday qilib, u Yahudo va Quddusni pokladi. 6 Shimoldagi Naftali hududigacha boʻlgan Manashe, Efrayim va Shimoʻn shaharlaridagi va ularning atrofida boʻlgan vayronalardagi 7 qurbongohlarni sindirdi, Asheraga atalgan ustunlarni kesdi, butlarni parchalab tashladi. Isroil yurti boʻylab hamma tutatqi qurbongohlarini buzdi. Shundan keyin Quddusga qaytib ketdi.
Qonun kitobi topiladi
8 Yoʻshiyo yurtni va Egamizning uyini poklagandan keyin, hukmronligining oʻn sakkizinchi yilida Ozaliyo oʻgʻli Shofonni, Quddus hokimi Masiyoni va mushovir Yoʻxoz oʻgʻli Yoʻxni Egasi Xudoning uyini tuzatishga yubordi. 9 Ular oliy ruhoniy Xilqiyoning oldiga kelib, Xudoning uyiga keltirilgan kumushni unga topshirdilar. Levi darvozabonlari bu kumushni Manashe, Efrayim va Isroil xalqining omon qolganlaridan, shuningdek, Yahudo, Benyamin qabilalaridan va Quddus aholisidan toʻplab olgan edilar. 10 Ular kumushni Egamizning uyida mehnat qilayotgan ishboshilarga topshirdilar. Ishboshilar esa kumushni olib, Egamizning uyidagi buzilgan joylarni taʼmirlayotgan ustalarga toʻladilar. 11 Qolganini esa duradgor va binokorlarga berdilar. Ular bu kumushga Yahudo shohlari qarovsiz qoldirgan xarob binolarni tuzatish uchun tosh va yogʻochlarni sotib oldilar.
12 Ishchilar sidqidildan mehnat qildilar. Ularga nazoratchi qilib Marori naslidan levilar Yaxat va Obodiyo tayinlandi, Qohot urugʻidan esa levilar Zakariyo va Mashullom tayinlandi. Musiqa asboblarini chaladigan hamma levilar 13 yuk tashuvchilarga hamda turli xizmatdagi ishchilarga masʼul edilar. Levilarning baʼzilari esa kotib, maʼmur va darvozabon edilar.
14 Egamizning uyidagi kumush olib chiqilayotganda, ruhoniy Xilqiyo Egamizning Muso orqali bergan Tavrot kitobini topib oldi. 15 U kotib Shofonga:
— Egamizning uyidan Tavrot kitobini topib oldim, — deb kitobni Shofonga berdi. 16 Shofon esa kitobni shohga olib borib, hisobot berdi: “Qullaringiz topshirilgan hamma ishlarni bajaryaptilar. 17 Ular Egamizning uyidagi bor kumushni oʻsha yerdagi ishboshilarga va ishchilarga berdilar.” 18 Soʻng: “Ruhoniy Xilqiyo mana bu kitobni menga berdi”, — deya qoʻshimcha qilgach, Tavrot kitobini shohga ovoz chiqarib oʻqib berdi.
19 Shoh Tavrot soʻzlarini eshitgach, vahimaga tushganidan kiyimlarini yirtdi. 20 Keyin ruhoniy Xilqiyoga, Shofon oʻgʻli Oxixamga, Mixiyo oʻgʻli Axborga , kotib Shofonga va oʻzining mulozimi Osoyohga shunday farmon berdi:
21 — Boringlar, topilgan bu kitobdagi soʻzlarga muvofiq, men toʻgʻrimda ham, Isroil va Yahudo xalqlarining omon qolganlari toʻgʻrisida ham Egamizning xohish–irodasini soʻranglar. Otalarimiz bu kitobdagi soʻzlarga quloq solmaganlari uchun, Egamizning amrlariga rioya qilmaganlari uchun Egamizning dahshatli gʻazabi bizning ustimizga yogʻildi.
22 Ruhoniy Xilqiyo va shoh joʻnatgan odamlar Xulda ismli paygʻambar ayol huzuriga borib, unga maslahat soldilar. Xulda paygʻambar Egamizning uyidagi muqaddas liboslar posboni Shallumning xotini edi. Shallum Tixvoning oʻgʻli, Xarxasning nabirasi edi. Xulda Quddusning yangi dahasida yashardi. 23 Xulda ularga shunday dedi:
“Isroil xalqining Xudosi — Egamiz demoqda: sizlarni Mening huzurimga yuborgan odamga shu gaplarimni aytinglar: 24 «Men bu yurtga ham, bu yurtda yashayotgan xalqqa ham falokat keltiraman. Yahudo shohi huzurida oʻqilgan kitobdagi hamma laʼnatlarni ularga yogʻdiraman. 25 Ular Mendan yuz oʻgirganlari uchun, boshqa xudolarga qurbonliklar keltirib, oʻz qoʻllari bilan yasagan butlari tufayli qahrimni keltirganlari uchun bu yurtga gʻazabim yogʻiladi va aslo bosilmaydi.»
26 Egamizning xohish–irodasini bilish uchun sizlarni yuborgan Yahudo shohiga shu xabarni beringlar: Isroil xalqining Xudosi — Egamiz sen eshitgan soʻzlaring toʻgʻrisida shuni aytmoqda: 27 «Sen bu yurtga va yurtning xalqiga qarshi aytgan soʻzlarimni eshitganingdan keyin, yuraging yumshadi, Menga boʻyin egding. Sen Menga boʻyin egganing uchun, qaygʻudan liboslaringni yirtib, huzurimda yigʻlaganing uchun Men iltijolaringni eshitdim. 28 Shunga koʻra, sen ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan, oʻz qabringga dafn etilasan. Bu yurtga va uning ahliga Men keltiradigan jamiki falokatlarni sen koʻrmaysan.»”
Xilqiyo va uning hamrohlari bu xabarni shohga yetkazdilar.
Shoh Yoʻshiyoning ahdi
29 Shoh Yoʻshiyo xabar berib, Yahudo va Quddusning hamma oqsoqollarini oʻz huzuriga toʻpladi. 30 Jamiki Yahudo xalqi va Quddus aholisi, ruhoniylar, levilar, zodagonlaru avom xalq shoh boshchiligida Egamizning uyiga bordi. Shoh Egamizning uyidan topilgan Tavrot kitobini boshidan oxirigacha ularning oldida oʻqidi. 31 Shoh Egamizning uyi eshigi oldidagi oʻz joyida turib: “Egamiz koʻrsatgan yoʻldan yuraman, amrlariga itoat etaman, shartlariga, farmonlariga butun qalbim bilan, jonu dilim bilan quloq solaman, bu kitobda yozilgan ahd soʻzlarini ado etaman”, deb Egamiz bilan qayta ahd qildi. 32 Soʻngra u Benyamin qabilasiga va Quddusdagi hamma odamlarga bu ahdga rioya qilish toʻgʻrisida farmon berdi. Oʻsha kundan boshlab Quddus aholisi ota–bobolarining Xudosi bilan qilgan ahd talablarini bajara boshladilar. 33 Yoʻshiyo Isroil xalqiga qarashli hamma hududlardan makruh butlarni yoʻqotdi. Isroil xalqining hammasini Egasi Xudoga sajda qildirdi. Uning davrida xalq ota–bobolarining Xudosi — Egamizdan yuz oʻgirmay, Unga xizmat qildi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020