24–BOB
Yahudo shohi Yoʻsh
1 Yoʻsh shoh boʻlganda, yetti yoshda edi. U Quddusda qirq yil hukmronlik qildi. Onasi Bersheba shahridan boʻlib, ismi Zibiyox edi. 2 Ruhoniy Yohayido hayotligida Yoʻsh Egamizning oldida toʻgʻri ishlar qildi. 3 Yohayido Yoʻshga ikkita xotin olib berdi. Ular Yoʻshga oʻgʻil–qizlar tugʻib berishdi.
4 Oradan bir oz vaqt oʻtgach, Yoʻsh Egamizning uyini tuzatishga qaror qildi. 5 U ruhoniylarni va levilarni toʻplab, ularga aytdi:
— Yahudo shaharlariga borib, Xudoyingizning uyini tuzatish uchun jamiki Isroil xalqidan yiliga toʻlanadigan soliqni yigʻib kelinglar. Bu ishni tezlik bilan bajaringlar.
Lekin levilar bu ishni orqaga surdilar. 6 Shunda shoh oliy ruhoniy Yohayidoni chaqirtirib, undan soʻradi:
— Nimaga siz levilarni soliq yigʻib kelishlari uchun joʻnatmadingiz? Egamizning quli Muso Muqaddas ahd chodirining xarajatlarini qoplash uchun bu soliqni Isroil jamoasiga solgan–ku.
7 Qabih ayol Otaliyoning izdoshlari Xudoning uyiga bostirib kirib, u yerdagi Egamizga bagʻishlangan ashyolarni Baalning sajda marosimlari uchun ishlatgan edilar.
8 Shohning buyrugʻi bilan bir quti yasalib, Egamiz uyi darvozasining tashqi tomoniga oʻrnatildi. 9 “Xudoning quli Muso sahroda Isroil xalqiga solgan soliqni Egamizga olib kelinglar”, deb Yahudo va Quddus boʻylab eʼlon qilindi. 10 Jamiki yoʻlboshchilar va xalq bajonidil soliq pullarini olib kelib, qutini toʻldiraverdilar. 11 Qutida koʻp pul yigʻilgandan keyin, levilar qutini shoh aʼyonlariga olib borishar edi. Shohning mirzasi bilan oliy ruhoniyning yordamchisi qutini boʻshatib, uni oʻz joyiga qaytarib qoʻyishar edi. Ular har kuni shunday qilishardi. Shu tariqa koʻp miqdorda kumush toʻplashdi. 12 Shoh va Yohayido bu kumushlarni Egamizning uyidagi ishlarning boshida turgan odamlarga berdi. Ular esa bu kumushga Egamizning uyini tuzatish uchun tosh teruvchilar, duradgorlar, temir va bronzaga ishlov beradigan ustalarni yolladilar.
13 Hammalari chin yurakdan mehnat qilishdi, Xudoning uyini oldingi holatida tiklab, mustahkamlashdi. 14 Ular hamma ishlarni tugatishgach, qolgan kumushlarni shoh bilan Yohayidoga berishdi. Bu kumushlardan Egamizning uyi uchun buyumlar — xizmatda va qurbonliklar kuydirishda ishlatiladigan idishlar, shuningdek, oltin va kumush anjomlar yasaldi. Ruhoniy Yohayido davrida Egamizning uyida doimo kuydiriladigan qurbonliklar keltirilardi.
Ruhoniy Yohayidoning siyosati bekor qilinadi
15 Yohayido rosa keksayib, bir yuz oʻttiz yoshida vafot etdi. 16 U Isroil xalqi, Xudo va Xudoning uyi uchun qilgan xizmatlari evaziga Dovud qalʼasida shohlar yoniga dafn qilindi.
17 Yohayidoning vafotidan keyin Yahudo aʼyonlari shoh huzuriga kelishib, unga taʼzim qildilar. Shoh ularning maslahatlariga quloq soldi. 18 Natijada xalq ota–bobolarining Xudosi — Egamizning uyini tark etib, Asheraning ustunlariga va butlarga sigʻina boshladi. Ularning bu gunohlari tufayli, Yahudo va Quddus ustiga Egamiz gʻazabini sochdi. 19 U, xalqimni qaytaray deb, oldilariga paygʻambarlarni yubordi. Biroq xalq paygʻambarlarning ogohlantirishlariga quloq solmadi.
20 Xudoning Ruhi ruhoniy Yohayidoning oʻgʻli Zakariyoni qamrab oldi. Zakariyo xalqning oldida turib, shunday deb aytdi:
— Xudo shunday demoqda: “Nimaga sizlar Mening amrlarimga itoat etmayapsizlar? Shuning uchun rohat–farogʻatga erisholmaysizlar. Sizlar Men, Egangizni tark etganlaringiz uchun, Men ham sizlarni tark etaman.”
21 Aʼyonlar Zakariyoga qarshi fitna uyushtirdilar. Shohning farmoni bilan uni Egamizning uyi hovlisida toshboʻron qilib oʻldirdilar. 22 Shoh Yoʻsh Zakariyoning otasi Yohayido koʻrsatgan sadoqatini eslamadi, aksincha, uning oʻgʻlini oʻldirdi. Zakariyo jon berayotganda: “Egamiz bu qilmishingizni koʻrib, jazoingizni bersin”, dedi.
Shoh Yoʻsh hukmronligining soʻnggi davri
23 Oʻsha yilning oxirida Oram lashkari Yoʻshga hujum qildi. Ular Yahudo va Quddusni bosib olib, hamma xalq yoʻlboshchilarini oʻldirishdi, olgan hamma oʻljalarini Damashq shohiga joʻnatishdi. 24 Garchi Oram lashkari ozchilik boʻlsa ham, Egamiz ularning qoʻliga Yahudoning katta lashkarini topshirgandi. Chunki Yahudo xalqi ota–bobolarining Xudosi — Egamizni tark etgandi. Shunday qilib, shoh Yoʻsh jazosini oldi.
25 Yoʻsh jangda ogʻir yaralandi. Oram lashkari ketishlari bilanoq, Yoʻshning ikki aʼyoni unga fitna uyushtirdilar. Ular ruhoniy Yohayidoning oʻldirilgan oʻgʻli uchun Yoʻshdan oʻch olib, uni oʻz toʻshagida oʻldirdilar. Yoʻshni Dovud qalʼasiga dafn qildilar, biroq shohlar qabriga uni qoʻymadilar. 26 Yoʻshga fitna uyushtirganlar Ommonlik Shimat degan ayolning oʻgʻli Yoʻzabad va Moʻablik Shoʻmer degan ayolning oʻgʻli Yohuzabad edilar. 27 Yoʻshning oʻgʻillari toʻgʻrisidagi toʻliq axborot, Yoʻshga qarshi aytilgan koʻp bashoratlar va Xudoning uyi tuzatilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Shohlar kitobiga sharhlar”da bayon etilgan. Yoʻshning oʻrniga oʻgʻli Emoziyo shoh boʻldi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020