15–BOB
Shoh Osoning islohotlari
1 Odod oʻgʻli Ozariyoni Xudoning Ruhi qamrab oldi. 2 Ozariyo Osoning huzuriga borib dedi:
— Ey shoh Oso! Ey Yahudo va Benyamin xalqi! Gapimga quloq solinglar. Sizlar Egamiz bilan boʻlar ekansiz, U ham sizlar bilan birga boʻladi. Agar sizlar Egamizni izlasangizlar, Uni topasizlar. Agar Uni tark etsangizlar, U ham sizlarni tark etadi. 3 Isroil xalqi uzoq vaqt davomida haqiqiy Xudosiz yashadi. Ularga taʼlim beradigan ruhoniy yoʻq edi, ular qonundan mahrum edilar. 4 Lekin boshlariga ogʻir kulfat tushganda, ular Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga yuz burdilar, Uni izladilar, shunda topdilar. 5 Oʻsha notinch davrda yoʻlga chiqish xatarli edi, chunki hamma joyda tartibsizlik va behalovatlik hukmron edi. 6 Bir xalq ikkinchisini yakson qilardi, bir shahar boshqasini vayron etar edi, chunki Xudo ularni iztirobga solib, behalovat qilib qoʻygan edi. 7 Lekin sizlar dadil boʻlinglar! Tushkunlikka tushmanglar! Sizlar qilgan ishlaringiz uchun mukofot olasizlar.
8 Shoh Oso Odod oʻgʻli Ozariyo paygʻambarning aytgan bashoratini eshitgach , dadillashdi. U Yahudo va Benyamin yerlaridan, shuningdek, Efrayim qirlarida qoʻlga kiritgan shaharlardan makruh butlarni yoʻq qildi. Maʼbad hovlisidagi Egamizning qurbongohini tuzatdi. 9 U Yahudo va Benyamin xalqini, shuningdek, oralarida istiqomat qilayotgan Efrayim, Manashe va Shimoʻn qabilasidan boʻlgan musofirlarni toʻpladi. Ularning koʻpchiligi Oso hukmronligi davrida Yahudoga koʻchib kelgan edilar, chunki Egasi Xudo Oso bilan birga boʻlganini koʻrgan edilar. 10 Ular Oso hukmronligining oʻn beshinchi yili uchinchi oyida Quddusda toʻplandilar. 11 Oʻsha kuni oʻzlari olib kelgan oʻljalardan 700 ta buqa va 7000 ta qoʻyni Egamizga qurbonlik qildilar. 12 Soʻng ota–bobolarining Xudosiga — Egamizga butun qalbi bilan, jonu dili bilan intilishga ahd qildilar. 13 Kimki Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga intilmasa, xoh yosh boʻlsin, xoh qari, xoh erkak boʻlsin, xoh ayol, oʻldiriladigan boʻldi. 14 Ular baland ovozda Egamizga qasamyod qildilar, hayqirdilar, karnay va burgʻular chaldilar. 15 Jamiki Yahudo xalqi chin dildan qasamyod qilgani uchun xursand boʻldi. Ular Egamizni astoydil izlaganlari uchun Uni topdilar. Egamiz ularga har tarafdan osoyishtalik ato qildi.
16 Shoh Osoning buvisi Maxo Asheraning makruh tasvirini yasattirgan edi, shuning uchun Oso buvisini malikalik martabasidan mahrum qildi. U buvisi yasattirgan butni qoʻporib tashlab, parcha–parcha qilgandan keyin, Qidron soyligida yoqib yubordi. 17 Oso Isroildagi sajdagohlarni yoʻq qilmagan boʻlsa ham, umr boʻyi Egamizga sodiq qoldi. 18 Otasi va oʻzi Xudoga atab nazr etgan oltinu kumushlarni, idishlarni Xudoning uyiga olib keldi. 19 Oso hukmronligining oʻttiz beshinchi yiliga qadar urush boʻlmadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020