14–BOB
Shoh Oso Habashistonni magʻlub qiladi
1 Abiyo olamdan oʻtdi. Uni Dovud qalʼasida, ota–bobolari yoniga dafn qildilar, uning oʻrniga oʻgʻli Oso shoh boʻldi. Uning hukmronligi davrida yurtda oʻn yil tinchlik, osoyishtalik boʻldi. 2 Oso Egasi Xudoning oldida yaxshi va toʻgʻri ishlar qildi. 3 U begona xudolarga atalgan qurbongohlarni va sajdagohlarni yoʻq qildi, butsimon toshlarni parchalab tashladi, Asheraning ustunlarini kesdi. 4 Oso Yahudo xalqiga: “Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizga yuz buring, Uning qonun va amrlariga rioya qiling”, deb farmon berdi. 5 U Yahudoning hamma shaharlaridan sajdagohlarni va tutatqi qurbongohlarini yoʻqotdi. Uning hukmronligi davrida shohlikda tinchlik, osoyishtalik boʻldi. 6 Yurtda tinchlik hukmron boʻlgan paytda, Oso Yahudodagi shaharlarni mustahkamladi. Egamiz unga osoyishtalik ato qilgani uchun oʻsha yillari urush boʻlmadi. 7 Oso Yahudo xalqiga aytdi: “Kelinglar, shaharlarni devorlar bilan oʻraylik, minoralar quraylik, tambalanadigan darvozalar oʻrnatib, shaharlarni mustahkamlaylik. Biz Egamiz Xudoga itoat qilganimiz uchun, bu yurt hali ham bizniki. Xudo bizga har tarafdan osoyishtalik ato qilgan.” Shunday qilib, ular qurilish qildilar, huzur–halovatga yetishdilar. 8 Osoning Yahudo qabilasidan 300.000 sipohi boʻlib, ular qalqon va nayzalar bilan qurollangan edilar. Benyamin qabilasidan esa 280.000 sipohi boʻlib, ular qalqon va yoylar bilan qurollangan edilar. Ularning hammasi bahodir jangchilar edi.
9 Habashistonlik Zerax behisob lashkari va 300 jang aravasi bilan Yahudo yurtiga hujum qilib, Morisho shahrigacha bostirib bordi. 10 Oso unga qarshi yoʻlga otlandi. Ikkala tomon Morisho yaqinidagi Zafito vodiysida saf tortishdi. 11 Oso oʻzining Egasi Xudoga iltijo qildi: “Ey Egamiz! Yolgʻiz Sengina zaif odamga kuchli raqibini magʻlub qilishga yordam bera olasan. Ey Egamiz Xudo! Bizga yordam ber! Biz Senga tayanamiz. Sening noming bilan bu behisob lashkarga qarshi jangga otlandik. Ey Egamiz! Sen bizning Xudoyimizsan. Inson zoti Seni magʻlub qilishiga yoʻl qoʻyma!”
12 Oso va Yahudo lashkari hujumni boshlagach, Egamiz Habashistonliklarni magʻlub qildi. Habashistonliklar qocha boshladilar. 13 Oso lashkari bilan ularni Garorgacha quvib bordi. Habashistonliklarning birortasi ham qochib qutula olmadi. Ularning hammasi Egamizning va Uning lashkari oldida qirilib ketdi. Yahudo lashkari koʻp miqdorda oʻlja olib qaytdi. 14 Garor atrofidagi shaharlarda yashaydigan xalq yuz bergan voqeani eshitib, Egamizdan qoʻrqib qolgan edi. Shu sababdan Yahudo lashkari oʻsha shaharlarning hammasini magʻlub qilib, talon–taroj qildi, u yerdan moʻl oʻlja olib ketdi. 15 Ular choʻponlarning chodirlariga ham hujum qilib, koʻp miqdorda qoʻy, echki, tuyalarni oldilar. Soʻngra Quddusga qaytib ketdilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020