21–BOB
Dovud Shouldan qochib yuradi
1 Dovud Nav shahridagi ruhoniy Oximalekning huzuriga bordi. Oximalek Dovudni kutib olarkan:
— Nimaga yolgʻizsan? Nega yoningda hech kim yoʻq? — deb qoʻrquv ichra soʻradi.
2 — Shoh menga bir topshiriq berdi, — dedi Dovud. — Senga bergan topshirigʻimni hech kim bilmasin, dedi. Shuning uchun odamlarimga, falon joyga borib turinglar, deb tayinlab keldim. 3 Hozir yeyishga biror narsangiz bormi? Menga beshta non, yoki qoʻlingizga nima ilinsa, bering.
4 — Oddiy nonimiz yoʻq, — deb javob berdi ruhoniy, — agar odamlaring ayollardan oʻzlarini tiygan boʻlishsa , nazr qilingan nonimiz bor.
5 — Yoʻlga chiqqanimizdan buyon ayollarga yaqinlashganimiz yoʻq, — dedi Dovud. — Safarimizning maqsadi oddiy boʻlganda ham, odamlarim oʻzlarini pok tutadi. Ayniqsa, bu safarimizda odamlarim oʻzlarini juda pok tutdilar.
6 Shundan keyin ruhoniy unga muqaddas non berdi. Bu yerda Xudoga bagʻishlangan nondan boshqa non yoʻq edi. Bu non, Egamizning huzurida turgandan keyin, issiq non keltirilgan kuni olib qoʻyilgandi. 7 Oʻsha kuni Shoulning Doyeg degan xizmatkori ham shu yerda edi. U Edomlik boʻlib, Shoulning bosh choʻponi edi. Doyeg rasm–rusumlarni ado etgani Egamiz huzuriga kelgandi.
8 — Yoningizda nayza yoki qilich yoʻqmi? — deb soʻradi Dovud Oximalekdan. — Shohning topshirigʻi shoshilinch boʻlgani uchun oʻzim bilan na qilichimni olibman, na boshqa qurolimni.
9 — Elox vodiysida oʻzing oʻldirgan Filist Goʻliyotning qilichi bor, — dedi ruhoniy. — Efod orqasida matoga oʻrogʻliq turibdi. Bu yerda boshqa qurol yoʻq. Xohlasang, oʻshani olaver.
— Oʻsha qilichni menga bera qoling, unaqasi topilmaydi, — dedi Dovud.
10 Dovud Shouldan qochib, oʻsha kuni Gat shohi Oxishning huzuriga bordi. 11 Oxishning xizmatkorlari:
— Bu Isroil shohi Dovud–ku! — deyishdi. — Odamlar: “Shoul minglarchasini oʻldirdi, Dovud esa oʻn minglarchasini”, deb oʻynab qoʻshiq aytgan edi–ku.
12 Bu gaplar Dovudni choʻchitib qoʻydi. U Gat shohi Oxishdan juda qoʻrqardi. 13 Dovud ularning koʻz oʻngida qiyofasini oʻzgartirdi, ularning oldida oʻzini telbalikka solar, saroy darvozasini timdalab, soʻlaklarini soqoliga oqizardi. 14 Oxish xizmatkorlariga dedi:
— Qaranglar bu odamga! Jinnining oʻzi–ku! Nimaga uni mening huzurimga olib keldingizlar? 15 Mening oldimda jinnilik qilsin deb uni olib keldingizlarmi? Menga jinnilar kerakmidi?! Shu odamning saroyimga kirishi shartmi?!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020