5–BOB
Oqsoqollarga va yoshlarga nasihat
1 Ey jamoat oqsoqollari, endi sizlarga bir nasihatim bor. Men ham sizlarga oʻxshagan oqsoqolman. Masih chekkan azoblari haqida shahodat beruvchi va Uning zohir boʻladigan ulugʻvorligining ishtirokchisi sifatida men sizlardan oʻtinaman: 2 Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni majburiyat yuzasidan emas, balki chin koʻngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar. Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etinglar. 3 Qoʻlingiz ostidagi suruvga oʻz hukmingizni oʻtkazmay, ularga oʻrnak boʻlinglar. 4 Ana shunda, Bosh Choʻponimiz — Masih zohir boʻlganda, sizlarga soʻlmas, ulugʻvorlik toji beriladi.
5 Ey yoshlar, oqsoqollarga itoat etinglar. Hammangiz — yoshmisiz, qarimisiz, oʻzingizni kamtar tutib, bir–biringizga xizmat qilinglar. Zero, “Xudo magʻrurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyat koʻrsatadi.” 6 Shunday ekan, Xudoning qudratli qoʻli ostida oʻzingizni past tutinglar. U Oʻz vaqtida sizlarni yuksaltiradi. 7 Barcha tashvishingizni Xudoga topshiringlar, chunki U hamisha sizlarga gʻamxoʻrlik qiladi.
8 Hushyor va bedor boʻlinglar! Dushmaningiz boʻlgan iblis sherday boʻkirib, birovni yutib yuborish uchun izgʻib yuribdi. 9 Iblisga mustahkam imon bilan qarshi turinglar. Shuni bilinglarki, butun dunyodagi imonli birodarlaringiz sizlar kabi, azoblarga duchor boʻlmoqdalar. 10 Garchi sizlar bu qisqa hayotda azob chekib yashasangizlar ham, Xudoning Oʻzi sizlarga madad berib, barchangizni barkamol, sabotli, kuch–qudratli va mustahkam qiladi. Axir, inoyatga boy Xudo Iso Masih orqali sizlarni Oʻzining abadiy ulugʻvorligiga sherik qilish uchun daʼvat etgan. 11 Qudratli Xudoga abadulabad hamdlar boʻlsin. Omin.
Soʻnggi salomlar
12 Men bu qisqa maktubimni Silasning yordami bilan yozdim. Uni ishonchli birodar deb bilaman. Maktubimda sizlarga nasihat qilib, Xudoning haqiqiy inoyati haqida yozdim. Imonda sobit qolishingiz uchun Uning bu inoyatiga tayaninglar.
13 Sizlar kabi Bobildagi tanlangan imonlilar jamoati va menga oʻgʻilday boʻlib qolgan Mark sizlarga salom yoʻllamoqdalar.
14 Bir–biringizga mehr–muhabbat koʻrsatib, oʻpishib koʻrishinglar. Masihga tegishli boʻlgan hammalaringiz tinch–omon boʻlinglar .