1–BOB
Muqaddima: Hayot kalomi
1 Boshidan ayon boʻlgan Hayot kalomi haqida biz sizlarga xabar bermoqchimiz. Koʻrib eshitganlarimizni, ha, oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, oʻz qoʻllarimiz bilan paypaslab koʻrganlarimizni sizlarga maʼlum qilmoqchimiz. 2 Otamiz Xudoning huzurida boʻlgan Hayot bizga oshkor boʻldi! Biz bu abadiy Hayotni koʻrib, endi U haqda sizlarga shohidlik qilyapmiz. 3 Koʻrgan–eshitganlarimizni maʼlum qilish orqali sizlar bilan birodar boʻlib yashamoqchimiz. Zero, oʻzimiz ham Otamiz Xudo va Uning Oʻgʻli Iso Masih bilan yashayapmiz. 4 Bularni sizlarga qalbimiz shodlikka toʻlsin deb, yozyapmiz.
Nurda yashash toʻgʻrisida
5 Biz Iso Masihdan eshitib, sizlarga yetkazayotgan Xushxabarimiz shundan iborat: Xudo — nur, Unda hech qanday zulmat yoʻq. 6 Agar biz Xudo bilan yashayapmiz deb turib, oldingiday zulmatda yashasak, yolgʻon gapirib, haqiqatga xilof ish qilgan boʻlamiz. 7 Bordi–yu, Xudo singari nurda yashasak, biz birodarlarimiz bilan uygʻunlikda yashaymiz va Xudo Oʻz Oʻgʻli Isoning qoni orqali bizni har qanday gunohdan poklaydi.
8 Agar gunohimiz yoʻq desak, oʻzimizni oʻzimiz aldagan boʻlamiz va bizda haqiqat boʻlmaydi. 9 Bordi–yu, gunohlarimizni eʼtirof etsak, sodiq va adolatli boʻlgan Xudo gunohlarimizni kechirib, bizni har qanday yomonlikdan forigʻ qiladi.
10 Agar gunoh qilganimiz yoʻq desak, Xudoni yolgʻonchiga chiqargan boʻlamiz. Demak, Uning kalomi qalbimizdan joy olmagan boʻladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020