5–BOB
Jamoatdagi axloqsizlikni yoʻq qilish haqida
1 Orangizda jinsiy axloqsizlik bor ekanligi haqida gaplar yuribdi. Bunday axloqsizlik hatto butparastlar orasida ham sodir boʻlmagan ekan. Orangizdagi bir kishi oʻz otasining xotinini xotin qilib yashayotgan ekan. 2 Sizlar esa kekkayib yuribsizlar. Aksincha, motam tutib, bunday ish qilgan odamni orangizdan haydab chiqarishingiz kerak–ku! 3-4 Toʻgʻri, hozir jismonan sizlar bilan emasman, ammo ruhan sizlar bilan birgaman. Men goʻyo sizlarning yoningizda boʻlgandek, bu ishni qilgan odam haqida allaqachon Rabbimiz Iso Masih nomi bilan hukm chiqardim. Sizlar birga yigʻilganingizda, Iso Masihning qudrati va mening ruhim sizlar bilan birga boʻladi. 5 Shunda oʻsha odamni shaytonga topshiringlar, toki uning tanasi halokatga uchrasin , ruhi esa Rabbimiz Iso kelgan kunda xalos boʻlsin.
6 Maqtanishingiz oʻrinli emas. Nahotki ozgina xamirturush butun xamirni achitishini bilmasangizlar? 7 Orangizdan eski xamirturushni chiqarib tashlanglar, shu tariqa yangi xamirday boʻlinglar. Sizlar aslida xamirturushsiz xamirdaysizlar–ku! Chunki Masih Oʻz jonini fido qilib, bizning Fisih qurbonligimiz boʻldi! 8 Shuning uchun Fisih bayramini nishonlaganday, yangi hayotimizni nishonlab yashaylik! Yomonlik va buzuqlik timsoli boʻlgan xamirturushga hayotimizdan oʻrin bermay, soflik va haqiqat bilan kun kechiraylik.
9 Men oldingi maktubimda sizlarga jinsiy tomondan axloqsiz boʻlgan odamlar bilan munosabatda boʻlmaslik haqida yozgan edim. 10 Shubhasizki, bu dunyoning zinokorlarini, tamagirlarini, tovlamachilarini, butparastlarini nazarda tutmagan edim, aks holda, sizlar bu dunyo bilan butunlay aloqani uzishingizga toʻgʻri kelar edi. 11 Men sizlarga, oʻzini birodar deb atab turib, zinokor, tamagir, butparast, gʻiybatchi, mayxoʻr yoki tovlamachi odam bilan aloqa qilmanglar, u bilan birga hatto ovqat ham yemanglar, deb aytgan edim. 12-13 Qolaversa, imonlilar jamoatidan tashqaridagilarni hukm etishga bizning nima haqimiz bor? Ularni Xudo hukm qiladi. Sizlar jamoatdagilarni hukm qilsangiz, bas. Fosiq odamni oʻz orangizdan haydab chiqaringlar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020