15–BOB
Iso Masih oʻlikdan tirilgani haqida
1 Birodarlarim, men oʻzim sizlarga yetkazgan Xushxabarning mohiyatini yana bir bor eslatib oʻtmoqchiman. Sizlar bu Xushxabarni qabul qildingiz, u imoningizning asosidir. 2 Oʻsha Xushxabar orqali najot topasiz, ammo sizlar men aytgan oʻsha Xushxabar orqali yetishgan imoningizda mahkam turishingiz kerak, aks holda, imoningiz bekor boʻladi.
3 Menga berilgan eng muhim taʼlimotni sizlarga yetkazdim. Bu taʼlimot quyidagichadir: Muqaddas bitiklarga muvofiq , Masih gunohlarimiz uchun oʻlgan. 4 Keyin U dafn qilindi, uchinchi kuni esa tirildi. Bularning hammasi Muqaddas bitiklarga muvofiq sodir boʻldi. 5 Avval U Butrusga , soʻngra oʻn ikki shogirdiga koʻrindi. 6 Undan keyin bir vaqtning oʻzida besh yuzdan koʻproq birodarlarga koʻrindi. Ularning aksariyati hozirga qadar tirik, baʼzilari esa dunyodan koʻz yumib ketganlar. 7 Undan soʻng Masih Yoqubga va qolgan barcha havoriylarga koʻrindi. 8 Men rivojlanmay qolgan bir homiladay boʻlsam–da, nihoyat menga ham koʻrindi .
9 Axir, men havoriylarning eng arzimasiman, havoriy deb atalishga ham loyiq emasman, chunki men Xudoning jamoatini quvgʻin qilardim. 10 Ammo Xudoning inoyati tufayli endi havoriyman. Uning menga koʻrsatgan inoyati zoye ketmadi, zero, men havoriylarning hammasidan ham koʻproq mehnat qildim. Lekin aslida mehnat qilgan men emas, balki Xudoning inoyatidir. 11 Sizlar Xushxabarni mendan eshitdingizmi yoki boshqalardanmi, farqi yoʻq, chunki biz bir Xushxabarni vaʼz qilamiz, sizlar esa oʻsha Xushxabarga ishongansiz.
Oʻlikdan tirilish haqida
12 Masih oʻlikdan tirilgan, deb vaʼz qilinayotgan ekan, qanday qilib baʼzilaringiz, oʻlikdan tirilish degan narsa yoʻq, deb aytyapsizlar?! 13 Axir, oʻlikdan tirilish boʻlmasa, Masih ham tirilmagan ekan–da! 14 Masih tirilmagan boʻlsa, Xushxabarni vaʼz qilishimiz bekor, sizlarning imoningiz ham bekor. 15 Agar rostdan ham oʻliklar tirilmasa va Masihni Xudo tiriltirmagan boʻlsa, bunday holda, biz Xudo haqida yolgʻon shohidlik bergan boʻlamiz, chunki biz: “Xudo Masihni tiriltirdi”, deb shahodat berib yuribmiz. 16 Oʻliklar tirilmas ekan, Masih ham tirilmagan boʻladi. 17 Agar Masih tirilmagan boʻlsa, sizlarning imoningiz behuda, sizlar hali ham gunohga botganingizcha yuribsizlar. 18 Shunday boʻlsa, Masihga ishongan holda hayotdan koʻz yumganlar butunlay halok boʻlib ketibdilar–da! 19 Agar biz yolgʻiz bu hayot uchun Masihga umid bogʻlagan boʻlsak, eng baxtsiz insonlar ekanmiz.
20 Vaholanki, Masih haqiqatan ham tirildi! U birinchi boʻlib tirildi, shu tariqa oʻlikdan tiriladiganlarning orasida hosilning ilk samarasiday boʻldi. 21 Oʻlim bir inson orqali dunyoga kirdi. Shunga oʻxshab, oʻliklarning tirilishi ham bir Inson orqali sodir boʻladi. 22 Axir, bu dunyoga oʻlim Odam Ato tufayli kirib keldi, endi Iso Masih orqali hamma tiriladi. 23 Hamma narsa oʻz navbati bilan sodir boʻladi: mana, Masih birinchi boʻlib tirildi, Masih kelganda esa Unga tegishli boʻlganlar tiriladi. 24 Shundan soʻng Masih har qanday hokimiyatni, hukmronlik va qudratni barbod qilib, saltanatni samoviy Ota — Xudoga topshirganda oxirat boʻladi.
25 Masihning hamma dushmanlari Uning oyoqlari ostiga poyandoz qilinmaguncha, U hukmronlik qilishi kerak. 26 Shunda oxirgi dushman — oʻlim ham barham topadi. 27 Axir, Muqaddas bitiklarga koʻra, Xudo hamma narsani Masihga tobe qilib, Uning oyoqlari ostiga tashlagan . Garchi shunday boʻlsa–da, borliqni Unga tobe qilgan Xudo bundan istisnodir. 28 Xudo hamma narsani Masihga tobe qilgandan keyin, Oʻgʻil ham Xudoga tobe boʻladi, toki Xudo borliq ustidan butunlay hukmron boʻlsin.
29 Baʼzilaringiz oʻlganlar uchun suvga choʻmdirilayotgan ekansiz . Oʻliklar tirilmas ekan, ularning oʻrniga choʻmdirilishning qanday foydasi bor? 30 Xoʻsh, nima uchun bizlar har daqiqa oʻz hayotimizni xavf–xatar ostiga qoʻyyapmiz? 31 Har kuni oʻlimga roʻbaroʻ boʻlayotganim rost! Birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih sizlarning hayotingizda qilayotgan ishlaridan faxrlanayotganim chin boʻlganiday, aytayotgan gaplarimda ham biror yolgʻon yoʻq. 32 Agar faqatgina bu dunyoga umid bogʻlagan boʻlsam, nima uchun Efes shahrida hayotimni xavf ostiga qoʻydim?! Agar oʻliklar tirilmas ekan, unda “kelinglar, yeb–ichib qolaylik, erta–indin oʻlib ketamiz–ku” deyish oʻrinli boʻlmaydimi?! 33 Lekin adashmanglar, axir, “yomon ulfatlar yaxshi axloqni buzadi”, deyishadi–ku! 34 Koʻzlaringizni ochib, oʻzingizga kelinglar! Bas endi, gunoh qilavermanglar. Koʻrinib turibdiki, baʼzilaringiz Xudoni bilmaysizlar. Sizlarni uyaltiray deb, bularni aytyapman.
Tirilgan tananing xususiyatlari
35 Ehtimol, biror kishi: “Oʻliklar qanday qilib tirilarkan? Ularning tanalari qanaqa boʻlarkan?” deb soʻrar. 36 Qanday ahmoqona savol–a bu! Axir, ekilgan urugʻ oʻlmasa, oʻsimlik oʻsib chiqmaydi–ku! 37 Bugʻdoy boʻladimi yoki boshqa biror narsami, ekin ekkaningda, oʻsib chiqadigan oʻsimlikni emas, uning urugʻini ekasan–ku! 38 Xudo uruqqa Oʻzi istagan bir jismni bagʻishlaydi, har bir urugʻdan alohida bir jismni hosil qiladi.
39 Koʻrib turibmizki, jonzotlarning ham tanalari har xil, insonlarniki boshqacha, hayvonlarniki boshqacha, qushlarniki boshqacha, baliqlarniki boshqacha. 40 Samoviy va dunyoviy jismlar ham bor. Lekin samoviy jismlarning koʻrki boshqa, dunyoviylarniki boshqa. 41 Quyoshning koʻrki boshqa, oyning koʻrki boshqa hamda yulduzlarning koʻrki boshqa. Axir, yulduzlar ham oʻz koʻrkiga yarasha bir–biridan farq qiladi.
42 Oʻliklarning tirilish jarayoni ham quyidagiga oʻxshaydi: ekilgan urugʻdan oʻsimlik oʻsib chiqqanday, oʻladigan tanamiz oʻlmaydigan boʻlib tiriladi. 43 Hozirgi ojiz va xor boʻlgan tanamiz, qudratu ulugʻvorlikka toʻla ravishda tiriladi. 44 Hozirgi tanamiz moddiy bir jism boʻlsa, tiriladigan tanamiz ruhiy bir tana boʻladi. Axir, moddiy tana bor ekan, ruhiy tana ham bor–da! 45 Muqaddas bitiklarda yozilgani boʻyicha: “Birinchi odam — Odam Ato tirik jon boʻldi.” Oxirgi Odam Ato, yaʼni Iso Masih esa hayotbaxsh ruh boʻldi.
46 Mana shundan koʻrinib turibdiki, ruhiy tana emas, moddiy tana birinchi kelgan. Moddiy tana oʻtib ketgandan keyingina, ruhiy tana keladi. 47 Birinchi odamning tanasi moddiy jismdir, u tuproqdan yaratilgan, ikkinchi Odam, yaʼni Masih esa samoviydir. 48 Tuproqdan yaratilgan ilk odam qanday boʻlsa, qolgan hamma odamlar ham shundaydir. Samoviy Odam, yaʼni Masih qanday boʻlsa, samodagilar ham xuddi Unga oʻxshaydilar. 49 Biz tuproqdan yaratilgan odamga oʻxshar ekanmiz, bir kun kelib, samoviy Odamga ham oʻxshagan boʻlamiz.
50 Ey birodarlar! Sizlarga quyidagilarni aytmoqchiman: qon va etdan iborat boʻlgan tanalarimiz Xudoning Shohligidan bahramand boʻla olmaydi. Bu foniy tana mangu hayotga ega boʻla olmaydi. 51 Men sizlarga bir sirni bildirmoqchiman: biz hammamiz ham oʻlmaymiz, ammo hammamiz oʻzgaramiz. 52 Toʻsatdan, koʻz ochib yumguncha, oxirzamon karnayi chalinganda oʻzgaramiz. Ha, karnay chalinadi va shu onda marhumlar hech oʻlmaydigan boʻlib tiriladilar. Shunda biz ham oʻzgaramiz. 53 Chunki bizning oʻladigan tanamiz oʻlmaydigan tanaga, foniy tanamiz mangu tanaga aylanishi kerak. 54 Oʻladigan tanamiz oʻlmaydigan tanaga, bu foniy tanamiz mangu tanaga aylanganda, Muqaddas bitiklarda yozilgan quyidagi soʻzlar amalga oshadi:
“Oʻlim yengilib, yoʻq boʻldi.
55 Ey oʻlim, sening zafaring qayerda?!
Ey oʻlim, sening nishing qayerda?!”
56 Oʻlimning nishi gunohdir. Gunohning quvvati esa qonundan kelib chiqdi. 57 Xudoga shukurlar boʻlsin! U Rabbimiz Iso Masih orqali bizga gʻalaba ato qilgan.
58 Shuning uchun, ey aziz birodarlarim, hech ikkilanmay, imoningizda mahkam turinglar. Hamisha Rabbimiz Isoga xizmat qilishga bagʻishlanib, yanada gʻayratli boʻlinglar. Axir, Rabbimiz yoʻlida qilgan mehnatingiz samarasiz qolmasligini bilasizlar–ku!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020